00:51 Yaponiyada kuchli zilzila sodir bo‘lganiga 1 yil to‘ldi (FOTO) | |
Yaponiya tarixida 11 soni xuddi amerikaliklardek esdan chiqmaydigan
bo‘lib qoldi. 2001-yil 11-sentabr kuni Nyu-York shahridagi egizak
binolar qulaganda butun dunyo uchun qanchalik tragediya bo‘lgan bo‘lsa,
2011-yil 11-mart kuni esa kunchiqar yurtda daxshatli tabiiy ofat yuz
berdi.[ ?] Maydoni jihatdan unchalik katta bo‘lmagan, hududi asosan orollardan tashkil topgan Yaponiyada kichik zilzilalar deyarli har kuni sodir bo‘ladi, shuning uchun ham odamlar bunga o‘rganib qolishgan. Biroq, o‘tgan yilning 11-mart kuni sodir bo‘lgan zilzila har safargidan ham kuchliroq edi – magnitudasi 9 ball. Yer silkinishing kuchliligidan hatto 10 metrgacha sunami ham ko‘tarilgan. Mazkur tabiiy ofatni Yaponiyada "Buyuk zilzila” deya nom berishdi, chunki u Yaponiya tarixida eng ko‘p zarar keltirgan yer qimirlashi bo‘ldi. Butun dunyo bo‘yicha esa u shu paytgacha kuzatilgan yer silkinishlari ichida kuchliligi jihatidan yettinchi o‘rinda turadi. Yaponiya tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1923-yilda kuchli tabiiy ofat yuz bergan edi. So‘nggi marta 1995-yilda Kobe shahrida yuz bergan zilziladan katta aziyat chekilgan. Shunday qilib, 2011-yil 11-mart kuni Yaponiyada yuz bergan kuchli zilzila hamda uning ortidan ko‘tarilgan 10 metrlik sunami oqibatida umumiy hisobda 20 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi yoki bedarak yo‘qoldi. Tabiiy ofat natijasida "Fukusima-1” atom elektr stansiyasida ham halokat yuz berib, yong‘in kelib chiqdi, atrofga radiatsiya tarqaldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra ushbu tabiiy ofatdan ko‘rilgan umumiy moddiy zarar 300 milliard dollar qiymatida baholanmoqda. Yaponiya aholisi qadimdan irodali xalq sanaladi. Ikki jahon urushi paytlarini eslang, Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlangan hamda butun shahar vayronaga aylangan, ishlab chiqarish va infratuzilma ishdan chiqqan bo‘lsa-da, davlat xalq yordamida oyoqqa qayta tura oldi. Mamlakat iqtisodiyoti qayta tiklanibgina qolmay, 70-yillarda "iqtisodiy mo‘jiza” ham yaratdi. Yaponiya jahonda AQShdan keyingi ikkinchi eng yirik iqtisodiyotga aylandi. Xuddi shunday, 2011-yil 11-mart kuni kuchli tabiiy ofat sodir bo‘lganidan keyin oradan atigi bir yil o‘tib Yaponiya xalqi yana qayta oyoqqa turmoqda, ofat yuz bergan shaharlarda sanoat ishlab chiqarishi, infratuzilma qayta yo‘lga qo‘yilmoqda. Odamlar o‘z shaharlariga qaytib kelib, yangi-yangi uylar, yo‘llar, ko‘priklar qurishmoqda. Hayot yana avvalgidek qizg‘in. Quyidagi rasmlarda Yaponiyaning tabiiy ofat yuz bergan hududlaridagi ahvol bir yil ichida qanday o‘zgargani tasvirlangan. Rasmlar "RosBiznesKonsalting” nashri tomonidan to‘plangan va bugungi kun bilan taqqoslangan. | |
|
Всего комментариев: 0 | |